Презентация на тему: "Презентация по узбекскому языку на тему "O'zbek tilida tinish belgilari""
- Категория: Презентации / Другие презентации
- Просмотров: 5
Презентация "Презентация по узбекскому языку на тему "O'zbek tilida tinish belgilari"" онлайн бесплатно или скачать на сайте электронных школьных учебников/презентаций school-textbook.com
Reja:
Punktuatsiya va uning tarixiy taraqqiyoti
Punktuatsiya prinsiplari
Tinish belgilari tasnifi
Punktuatsiya va uning tarixiy taraqqiyoti
“Punktuatsiya” so‘zi lotincha “punctum”, yani“nuqta”, “o‘rin, joy”tushunchalarini anglatadi.
"Punktuatsiya” tilshunoslikning tinish belgilari haqidagi bo‘limi bo‘lib, unda tinish belgilari (punktogramma)ning qo‘llanish qoidalari o‘rganiladi. Punktuatsiya tilshunoslikda nutq oqimidagi intonatsion-prosodik to‘xtamlarni, yozuvda ifodalanadigan shartli belgilar yig‘indisini (tinish belgilarini) anglatadi.
Punktuatsiya yozuv tizimining grafika va orfografiya bilan bir qatorda turadigan uchinchi komponentidir.
Punktuatsiya va uning tarixiy taraqqiyoti
Tinish belgilari yozma nutqni to‘g‘ri, ifodali, mantiqiy bayon qilishda, uni ixchamlashda, gap qismlarining o‘zaro logik-grammatik munosabatlarini ko‘rsatishda muhim grafik vosita sifatida ishlatiladi. Punktuatsiya, bir tomondan, yozuvchiga o‘z yozma nutqini aniq, to‘g‘ri va ifodali bayon etish imkoniyatini bersa, ikkinchi tomondan, o‘quvchiga muayyan matndagi fikrni yozuvchi bayon etganidek, yozuvchining maqsadiga muvofiq tushuna olish imkoniyatini yaratadi.
Punktuatsiya va uning tarixiy taraqqiyoti
Demak, tinish belgilari "Yozma nutqning tushunilishini osonlashtirish uchun qo‘llaniladi” (Boduen de Kurtene) va uni oydinlashtiradi, aniqlik kiritadi. Tinish belgilarining o‘rinli qo‘llanmasligi ma’lum bir sintaktik qurilmaning ham mazmun, ham tuzilish jihatidan o‘zgarib ketishiga olib keladi. Masalan, ushbu gapda tinish belgisini o‘zgartirirish orqali ikki xil mazmunni farqlash mumkin:
Afandi podshoga qarab: Siz ahmoq, odam emassiz, - dedi.
Afandi podshoga qarab: Siz ahmoq odam emassiz, - dedi
Birinchi holatda ahmoq so‘zidan keyin vergul qo‘yilsa, gap podshoning aqlliligi haqida emas, balki uning ham ahmoq, ham yomon odamligi haqida boradi. Ikkinchi holatda esa podshoning ahmoq odam emasligi, aqlliligi haqida gap boradi. Demak, ushbu gapda talaffuzda ohang, yozuvda tinish belgisi orqali ikki xil ma’no anglashilmoqda.
Punktuatsiya prinsiplari
Punktuatsiya orfografiya bilan aloqador. Bu ikki bo‘lim yozuvning ikki komponenti sifatida to‘g‘ri yozish va to‘g‘ri fikr ifodalash qonun-qoidalarini o‘rganadi. Orfografiya so‘zlarning to‘g‘ri yozilishini o‘rgansa, punktuatsiya gap turlari, gap qismlari orasida tinish belgilarining to‘g‘ri ishlatilishini o‘rganadi. Masalan, so‘roq, undov, nuqta kabi tinish belgilaridan so‘ng gapning bosh harf bilan, ikki nuqta, nuqtali vergullardan keyin gapning ko‘pincha kichik harf bilan yozilish holatlari punktuatsiya bilan orfografiyaning aloqadorligini ko‘rsatuvchi omildir. Bundan tashqari, savodxonlikni oshirishda orfografiya qanchalik ahamiyatga ega bo‘lsa, punktuatsiya ham shuncha ahamiyatga egadir. Orfografiya ham, punktuatsiya ham grafik vositalar yig‘indisi bo‘lib, yozuvni to‘g‘ri ifodalash haqidagi ta’limotdir.
Punktuatsiya prinsiplari
Punktuatsiya sintaksis bilan uzviy aloqador. Punktuatsion qoidalar sintaktik qonuniyatlar, me’yorlar asosida talqin qilinadi. Punktuatsiya qoidalarini sintaktik qonuniyatlarga bog‘lamasdan o‘rganish mumkin emas. Punktuatsiya qoidalarini aniqlashda mazkur tilning barcha sintaktik, uslubiy xususiyatlari hisobga olinadi. Tinish belgilarining ishlatilishini gap qurilishi, uning grammatik-logik shakllanishi boshqaradi. Masalan, Turg‘un ukam vrach bo‘ldi gapida:
Turg‘un undalma bo‘lsa, undan keyin vergul qo‘yiladi: Turg‘un, ukam vrach bo‘ldi;
Turg‘un, ukam so‘zlari uyushiq bolak bo‘lsa, Turg‘un so‘zidan keyin vergul qo‘yiladi: Turg‘un, ukam vrach bo‘ldi;
ukam ajratilgan bo‘lak bolsa, har ikki tomondan vergul bilan ajratiladi:
Turg‘un, ukam, vrach bo‘ldi;
Turg‘un ukam izohlovchi izohlanmish munosabatida bo‘lsa, hech qanday tinish belgisi qo‘yilmaydi: Turg‘un ukam vrach bo‘ldi.
Punktuatsiya prinsiplari
Punktuatsiya sintaktik fonetika, gap ohangi bilan uzviy bog‘langan. Ohang (intonatsiya) ovozning rang-barang tovlanishi: tinch boshlanishi, ko‘tarilishi (kulminatsiyasi), pasayishi, susayishi, tugallanishi; tempi: tez va sekinligi, osoyishtaligi; sifati: cho‘ziq, qisqaligi, kuchli va kuchsizligi; davriy va davomliligi, takrorlanishi kabilarda ko‘rinadi.
Punktuatsiya bilan ohang qanchalik yaqin bo‘lmasin, ular o‘ziga xosligi, qimmati jihatidan har xil baholanadi: ohang (gap ohangi) - birlamchi, material tushuncha; punktogrammalar (tinish belgilari) - hosila; ohangning mahsuli, uni aks ettiruvchi shartli simvollardir.
O‘zbek tilida ham punktogrammalarni qo‘llashning o‘z asoslari va shartlari mavjud. Tinish belgilarining qo‘llanishida:
Punktuatsiya prinsiplari
Gap mazmuni e’tiborga olinadi. Ifodalanmoqchi bo‘lgan mazmun tugallangan bo‘lsa, nuqta, undov yoki so‘roq belgisi, uch nuqta qo‘yiladi:
Gaplar orasidagi mazmuniy munosabatlarni ifodalashda ikki nuqta, tire, vergul yoki nuqtali vergul orqali ifodalanadi. Tugallanmagan yoki izohtalab tushunchalar ko‘p nuqta yoki qavslar orqali ifodalanadi.
Gapning grammatik qurilishi ham tinish belgilarining ishlatilishini belgilab beradi. Masalan, ega bilan kesim orasida tire qo‘yilishi yoki qo‘yilmasligi ma’lum grammatik qoidalar asosida belgilanadi.
Gap ohangi asosida tinish belgilari qo‘yiladi. Undov, so‘roq belgisi, ko‘p nuqta va nuqta, tire tugallangan ohang bilan, vergul kichik to‘xtam bilan, nuqtali vergul, ikki nuqta, tire esa izoh ohangi bilan talaffuz qilinadi.
Tinish belgilari tasnifi
Tinish belgilarining qo‘llanish usuliga ko‘ra tasnifi
Qo‘llanish usuliga ko‘ra tinish belgilari quyidagicha guruhlanadi:
Yakka holda qo‘llanuvchilar. Bunga faqat ikki nuqta kiradi
Yakka va qo‘sh holda qo‘llanuvchilar. Bu tinish belgilari yakka holda (alohida-alohida, mustaqil) qo‘llanishi bilan birga, qo‘sh holatda ham qo‘llana oladi.
Tinish belgilari qo‘sh qo‘llanganda ikki va undan ortiq tinish belgisi bir o‘rinda ketma-ket (birgalikda) ishlatiladi. Bular qo‘sh qo‘llanganda: a) o‘z shaklini to‘liq saqlaydi (so‘roq+undov tipida: ?! ); b) o‘z shaklini o‘zgartiradi (qo‘shtirnoq va qavs kabi); d) bir tinish belgisi ikkinchisining hisobiga qisqaradi (vergul va ko‘p nuqta qo‘sh qo‘llanganda, vergul qisqaradi); g) bir belgining o‘zi (mas., undov belgisi) takrorlanadi.
Tinish belgilari tasnifi
Tinish belgilarining tuzilish jihatidan tasnifi.
Tinish belgilari tuzilish jihatidan ikkiga ajraladi:
Bir elementli tinish belgilari: vergul, nuqta, tire.
Ko‘p elementli tinish belgilari:
ikki elementli tinish belgilari: ikki nuqta, nuqtali vergul, so‘roq, undov va
qavs;
uch elementli tinish belgilari: ko‘p nuqta;
d) to‘rt elementli tinish belgilari: qo‘shtirnoq. Buni o‘z mohiyatiga ko‘ra “juft elementli” yoki “qo‘sh elementli” tinish belgisi deb ham yuritish mumkin.
Bir elementli tinish belgilari tarkibi jihatidan qismlarga ajralmaydi. Ular shartli bir belgidan (bir grafik shakldan) iborat bo‘ladi. Ularni o‘z mohiyatiga ko‘ra sodda tinish belgilari deb yuritiladi.
Tinish belgilari tasnifi
Ko‘p elementli tinish belgilari birdan ortiq tinish belgilarining birikuvidan tashkil topadi. Bularni qo‘shma yoki tarkibli tinish belgilari deyiladi.
Ko‘p elementli tinish belgilari tarixan ikki va undan ortiq shartli belgidan (shakldan) tashkil topgan bo‘lib, hozirgi kunda bir grafik belgi sifatida qaraladi. Masalan: ikki nuqta nuqtaning vertikal usuldagi kombinatsiyasi asosida (ikkita nuqtaning birikuvi zaminida) vujudga kelgan, ya’ni [:]; ko‘p nuqta nuqtaning gorizontal usuldagi kombinatsiyasi asosida (uchta nuqtaning birikuvi zaminida) paydo bo‘lgan, ya’ni [...]; nuqtali vergul nuqta va vergulning qo‘shiluvi asosida tug‘ilgan, ya’ni [;]. Bunda vergul va nuqta ustma-ust qo‘yilgan. Qavs ham ikki elementdan iborat bo‘lib, uning birinchisi “ochiluvchi qavs”, ikkinchisi “yopiluvchi qavs” deb yuritiladi. “Yopiluvchi qavs” ba’zan “yarim qavs” ham deyiladi va numerativlarni bildiruvchi raqam hamda harflardan so‘ng qo‘llanadi.
Tinish belgilari tasnifi
Tinish belgilarining vazifasiga ko‘ra tasnifi.
Tinish belgilari, o‘z vazifasiga ko‘ra, uch guruhga bo‘linadi:
Chegaralovchi tinish belgilari. Bular yozma matndagi ayrim qismlarning leksik-semantik farqlanishi va ajralishini, grammatik-uslubiy chegaralanishini ularning boshlanish va tugallanish nuqtasini hamda o‘rinlashuv doirasini ko‘rsatadi. Bunga qo‘shtirnoq, qavs (qo‘sh qavs) kabi tinish belgilari kiradi.
Ayiruvchi tinish belgilari. Bular yozma matnlarni yoki ularning qismlarini bir-biridan ajratish va muayyan qismning tugallanishini ko‘rsatish uchun xizmat qiladi: bunday ajratish logik-grammatik jihatdan bo‘ladi. Bularga nuqta, so‘roq, undov, nuqtali vergul kiradi.
Murakkab vazifali tinish belgilari. Bular yozma matn qismlarini o‘rni bilan ham ajratish, ham chegaralash, ba’zan ham biriktirish vazifalarini bajaradi.
a) “ajratish + biriktirish” vazifasini bajaruvchilar (ikki nuqta); b) “ajratish + chegaralash + biriktirish” vazifasini bajaruvchilar (vergul, tire); d) fikrning bo‘linishi, qisqarishni va turli emotsiyalarni bildiruvchilar (ko‘p nuqta) .
Tinish belgilari tasnifi
“O‘zbek tili va adabiyoti” jumalida tilshunos olimlar prof. N.Mahmudov, katta ilmiy xodimlar A.Madvaliyev, N.Mahkamov tomonidan chiqarilgan “O‘zbek tili punktuatsiyasining asosiy qoidalari”da tinish belgilari 2 turga ajratilgan holda yoritiladi:
Tinish belgilarining gap oxirida qo‘llanilishi bo‘limida nuqta, so‘roq, undov va ko‘p nuqta belgilarining qo‘llanish holatlari misollar asosida izohlanadi.
Tinish belgilarining gap ichida qo‘llanilishi bo‘limida esa vergul, nuqtali vergul, tire, ikki nuqta, qavs, qo‘shtirnoq kabi belgilarning ishlatilish holatlariga to‘xtalinadi.
















